Teatr Tarixi
Marg'ilon Shahar Musiqali Maqom Tearti
2018 yilning 6-10 sentyabr kunlari oʼzbek milliy maqom sanʼati tarixida olamshumul voqea yuz berdi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan bu kunlarda mamlakatimizning qadimiy shaharlaridan biri boʼlgan Shahrisabzda “ Xalqaro maqom sanʼati anjumani“ boʼlib oʼtdi. Yurtboshimiz oʼsha anjumanda soʼzlagan nutlarida maqom sanʼati haqida shunday fikr bildirgan edi: “Аgar biz sanʼatni, madaniyatni koʼtarmoqchi boʼlsak, avvalo mumtoz maqom sanʼatini koʼtarishimiz, oʼrganishimiz va uni buzilmagan holatda yosh avlod ongiga singdirishimiz kerak.Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʼsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur.
Prezidentimiz oʼsha anjumanda aytib oʼtgan bu masalaga juda jiddiy eʼtibor qaratib, 2019 yil 6-7 may kunlari Fargʼona viloyatiga tashrifi davomida yana bir bor maqom sanʼatini rivojlantirishga alohida toʼxtalib oʼtib, zarur topshiriqlar berdi.
Natijada shu yilning 5 sentyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʼzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʼilon shahar musiqali maqom teatri faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida”gi 732-sonli qarori eʼlon qilindi. Mazkur topshiriq va qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan, Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 555-sonli buyrugʼiga asosan 2019 yil 29 noyabrь kuni Margʼilon shahar Musiqali maqom teatrining tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtdi. Oʼzbek teatri sanʼatida yangilik, teatr sanʼatiga maqom sanʼatining uygʼunlashuvi ila Margʼilon shahar musiqali maqom teatrining oʼz faoliyatini boshladi.
Bugun Markaziy Osiyoda yagona boʼlgan Margʼilon shahar Musiqali maqom teatri ochilgan oʼsha tarixiy kundan uch yildan ziyod vaqt oʼtdi. Oʼzbekiston Vazirlar Mahkamasi oʼsha tarixiy qarorida musiqali maqom teatri oldiga qoʼyilgan bir qator vazifalar belgilab berilgan: badiiy jihatdan yuksak asarlarni sahnalashtirish, teatrlashtirilgan tomosha va kontsert dasturlari orqali maqom sanʼatini targʼib qilish, shuningdek, qiziqchilik va askiya sanʼatining sahnaviy syujetlarini rivojlantirish va takomillashtirish, yuqori malakali maqom va teatr sanʼati ijodkorlarining imkoniyatlarini namoyish etish; maqom ijrochiligi yoʼnalishida ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini oshirishga koʼmaklashish, aktyorlik mahorati va maqom sanʼati ijrochiligi boʼyicha maqom, teatr va sanʼat muassasalarining ijodiy xodimlari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalarining maqom teatri yoʼnalishida amaliyot oʼtashlarini tashkil etish; xorijiy davlat bilan oʼzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish, chet eldan malakali mutaxassislarni jalb etgan holda trening, mahorat darslari, maqom teatri sanʼati bilan bogʼliq oʼquv-tajriba mashgʼulotlari hamda maxsus loyihalarni amalga oshirish; mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda gastrolь faoliyatini amalga oshirish, festival, koʼrik-tanlov, maqom kechalari, uchrashuvlar, ijodiy kechalar, qiziqchilik va askiya tomoshalari hamda boshqa tomosha tadbirlarini tashkil etish kabilar shular jumlasidandir.
Margʼilon shahar musiqali maqom teatrida oʼtgan uch yildan ortiqroq vaqt davomida yuqorida belgilab berilgan vazifalarni bajarish yuzasidan tinimsiz izlanishlar olib borildi. Hozirgi kunda mazkur jamoa tarkibida 135 nafar xodim faoliyat koʼrsatmoqda, shu jumladan 80 nafari ijodiy xodimlardir.
Oʼzbekistonda hizmat koʼrsatgan artist, kulgi dargʼasi Mamasiddiq Sheraev boshchiligida bir qator yoshlar qiziqchilik va askiyachilik sanʼtini rivojlantirish, askiya sanʼatini yoshlar va kelajak avlodga meros etib qoldirish uchun askiyaning sahnaviy syu- jetlarining yangi koʼrinishlari mavzusida ijod qilib kelmoqdalar.
Oʼtgan davr mobaynida pandemiya sharoiti boʼlishiga qaramay, teatr jamoasi oʼz oldilariga qoʼyilgan vazifalarni bajarishda ancha samarali mehnat qilishdi. Jumladan teatrning ilk sahna asari sahnalashtiruvchi rejissyor S.Meliev va sahnalashtiruvchi rassom F.Qoʼchqorovlar tomonidan T.Toʼlaning “Shashmaqom” asari asosida sahnalashtirilgan maqom-spektakli boʼldi. Mazkur maqom-spektakli jamoatchilik tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi.
2020-yil 10-15 dekabrь kunlari Toshkent shahrida oʼtkazilgan Yosh rejissyorlarning “Debyut” Respublika koʼrik-festivalida maqom teatri muallif Sh.Murodovning “ Muhabbat boʼstoni ” asari asosida sahnalashtirilgan “Muhabbat boʼstoni” maqom-spektakli bilan ishtirok etdi. Koʼrik-festivalь natijasiga koʼra, “Muhabbat boʼstoni” maqom-spektaklini sahnalashtiruvchi rejissyori, Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Fargʼona mintaqaviy filiali “Musiqali teatr rejissyorligi” yoʼnalishi talabasi X.Egamberdiev faxrli I-oʼrin bilan taqdirlandi.