Performances
“IKKI QALB NOLASI” (musiqali maqom fojiasi )
About the show:
Fariduddin Attorning “Ilohiynoma” asarida inson hayotining turli qirralari o‘z ifodasini topgan. Jumladan, unda keltirilgan “Robiya va Bektosh qissasi” real tarixiy voqealarga asoslangan bo‘lib, unda “zaynularab” deb ta’riflangan zullisonnayn shoira, Balx malikasi Robiyaning oddiy navkar turk yigiti Bektoshga bo‘lgan muhabbat qissasi bayon etilgan. Ma’lumki, muhabbat inson hayotining eng go‘zal va sirli tuyg‘ularidan biridir. U qalbning eng chuqur qatlamlaridan o‘rin olib, ruhni yoritadigan, dunyo hayotini sermazmun qiladigan kuchli nur bo‘lib, uni anglash va ifoda etish juda murakkab va nozik jarayon. Muhabbat – faqatgina shaxslar o‘rtasidagi ularni bir-biriga bog‘lab turadigan oddiy his-tuyg‘u emas, balki insonning ichki dunyosini boyitadigan, uni yanada teranlashtiradigan qudratli kuchdir. Bu, odatda, mehr, sadoqat, hurmat va samimiylik bilan ifodalanadi hamda insonni yaxshilikka undaydi, hayotiga yangi ranglar kiritadi, uni kuchliroq, baxtliroq qiladi, ruhiyatini yuksaltiradi, qiyinchiliklarga bardosh berishga yordam beradi, unga mislsiz jasorat baxsh etadi. “Robiya va Bektosh” qissasida muhabbatning ana shunday jihatlari ochib berilgan. Shu qissa asosida instsenirovka qilingan “Ikki qalb nolasi” tarixiy mavzudagi fojia bo‘lib, unda qissaning mazmuni saqlab qolinishi bilan bir qatorda, maqom teatri xususiyatlaridan kelib chiqqan holda uning mazmuniga ilohiy muhabbat mazmunidagi lirik qo‘shiqlar ham singdirib yuborilgan. Bu qo‘shiqlarda Robiyai Balxiy, Boborahim Mashrab, Muhammad Fuzuliy g‘azallari, Habibulloxon Ahmedov she’ri hamda “Ilohiynoma”da keltirilgan ayrim parchalar matnidan foydalanilgan. Asar ziddiyatlarga boy epizodlar bilan boyitilgan va qahramonlarning o‘zaro to‘qnashuvlari jarayonida Robiya va Bektoshning bir-biriga bo‘lgan muhabbati ochib beriladi. Asardagi har bir epizod bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishda bo‘lib, tomoshabin ko‘z ongida haqiqiy muhabbat qissasining real manzaralari namoyon bo‘ladi.
Cast:
Odam Ato – Saidakbar Abdullayev. Momo Havvo – Mehriniso Sottiyeva, O‘g‘iloy Odilova. Bektosh – Javlonbek Rahmonоv, Zuhriddin Mirzayev. Robiya – Shalolaxon Rahmonova. Suman – Mehriniso Sottiyeva, O‘g‘iloy Odilova. Horis ibn Kaab – Azizbek Isroilov, Botirjon Sultonov. Rudakiy – Rahmonali Umarov, Sharofiddin Halimov. Nasr II Somoniy – Nurillo Tursunov, Botirjon Sultonov. Talbis – Xurshidbek Murodov, Muhammadyusuf Qosimov. Jobir – Maxsudxon Yusufxo‘jayev , Ibrohimjon Tursunov. Eshikbon – Zuhriddin Mirzayev